Unit ekonomika nima va nega u har bir qarorda ishtirok etadi
Unit ekonomika — kompaniyaning umumiy moliyaviy hisobotini emas, bitta mijoz yoki bitta tranzaksiya darajasidagi foyda-zararni ko'radi.
Ta'rif
"Unit" — biznes modelingizdagi asosiy o'lchov birligi: marketplace uchun bitta buyurtma, SaaS uchun bitta obunachi, fintech uchun bitta tranzaksiya. Unit ekonomika shu bitta birlikning to'g'ridan-to'g'ri daromadi va xarajatini solishtirib, u foyda keltiradimi yoki yo'qmi, ko'rsatadi.
Nega muhim
- Kompaniya kattalashguncha kutmasdan, biznes modeli asosan ishlaydimi yoki yo'qmi, shuni erta ko'rsatadi
- Investorlar kompaniyaning skeylanish qobiliyatini aynan shu ko'rsatkichlar orqali baholaydi
- Byudjetni qayerga — mahsulotga, marketingga yoki retensiyaga — yo'naltirish kerakligini ko'rsatadi
- "Har qanday narxda o'sish" tuzog'idan saqlaydi — o'sish o'z-o'zidan maqsad emas
Oddiy misol
Agar bitta mijozni jalb qilish 10 dollarga tushsa-yu, u kompaniyaga umr davomida atigi 6 dollar daromad keltirsa — kompaniya har bir yangi mijozdan 4 dollar yo'qotadi. Qancha ko'p mijoz jalb qilinsa, shuncha ko'p pul yo'qoladi, garchi "o'sish" grafigi tepaga qarab ketayotgan bo'lsa ham.